Urganch innovatsion universitetida “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” oyligi doirasida sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda rektor maslahatchisi G’. Matsapayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i X. Davletov hamda profilaktika inspektori, mayor M. Berdiyev so‘zga chiqib, giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishini oldini olishning samarali yo‘llari haqida fikr bildirdilar.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, qonuniy ta’sir choralarini qo‘llash, psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish va jamiyatda bu illatga qarshi immunitetni shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ota-onalarning farzandlari bilan doimiy muloqotda bo‘lishi giyohvandlikka qaramlikning oldini olishda muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, giyohvandlik va psixotrop moddalarning oldini olish ko‘p qirrali yondashuvni talab etadi. Profilaktik (ma’naviy-ma’rifiy) ishlar va qat’iy huquqiy chora-tadbirlarni birgalikda qo‘llash jamiyatda ushbu illatning tarqalishini samarali kamaytirishga xizmat qiladi.